Maktab qonun-qoidalari

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Ustav 329-sonli umumiy o‘rta ta’lim muassasasining (keyingi o‘rinlarda – umumta’lim muassasasi deb ataladi) faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibini belgilaydi. Nodavlat umumta’lim muassasi o‘z Ustavini mazkur Nizomga muvofiq ishlab chiqishi va tasdiqlashi tasiya etiladi. 2. Umumta’lim muassasasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni va boshqa qonunlarga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek, Xalq ta’limi vazirligining buyruq, topshiriq va ko‘rsatmalariga hamda mazkur Ustavga amal qiladi. 3. Umumta’lim muassasasi uzluksiz ta’lim tizimining asosiy bo‘g‘ini bo‘lib, u o‘quvchi yoshlarga I-XI sinflar hajmida davlat ta’lim standartlari asosida fan asoslaridan umumiy o‘rta ma’lumot beruvchi majburiy ta’lim muassasasidir. 4. Umumta’lim muassasasi yuridik shaxs hisoblanadi va o‘z Ustaviga, mustaqil balansiga, shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, bank hisob raqamlariga, o‘z nomi ko‘rsatilgan muhrga (O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushiriladi), shtampga va blankalarga ega bo‘ladi. 5. Umumta’lim muassasasi Ustavi Pedagogik kengashda qabul qilinadi, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limida tasdiqlanadi va mahalliy davlat hokimiyati organida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. 6. Davlat umumta’lim muassasalarida umumiy o‘rta ta’lim olish bepul amalga oshiriladi. O‘quvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning (keyingi o‘rinlarda ota-onalar deb yuritiladi) ehtiyojidan kelib chiqib, bolalarning ta’lim-tarbiyasiga ko‘maklashish maqsadida umumta’lim muassasalarida qo‘shimcha pullik ta’lim xizmatlari tashkil etilishi mumkin. 7. Umumta’lim muassasasida ta’lim olish tilini tanlash O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi. 8. Umumta’lim muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimiga kiritilgan Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, Yangihayot tumani xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi ta’lim muassasasi hisoblanadi. 9. Umumta’lim muassasasi Toshkent shahri, Yangihayot tumanida joylashgan.

2-bob. O‘quvchilar sog‘lig‘ini muhofaza qilish

46. O‘quvchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatish umumta’lim muassasalariga tibbiyot muassasalari tomonidan biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Tibbiyot xodimlari maktab rahbariyati va pedagog xodimlar bilan bir qatorda davolash-profilaktika tadbirlarini tashkil etish, sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena talablariga rioya qilish, ovqatlanish rejimi va sifatiga, o‘quvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va sog‘lomlashtirish uchun mas’uldirlar. 47. Umumta’lim muassasasi rahbariyati tomonidan tibbiyot xodimlarining faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar (maxsus joy, mebel va tibbiy jihozlar, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan dori-darmonlar) yaratib beriladi. 48. Umumta’lim muassasasi o‘quvchilarini har yilgi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. 49. Umumta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonini psixologik jihatdan ta’minlash maktab psixologlari tomonidan amalga oshiriladi. 50. Og‘zaki nutq nuqsonlari va tovush talaffuzida kamchiliklari bo‘lgan o‘quvchilarga korreksion-logopedik yordam berish maqsadida umumta’lim muassasasida o‘qituvchi-logopedlar (defektologlar) faoliyat yuritadigan logopediya shahobchasi tashkil etilishi mumkin.